McDondald's 9 yildan beri O'zbekistonga kelyapti...
Yaqinda lentani bitta yangilik bosib ketdi. McDonald’s nihoyat O‘zbekistonga kirarkan, birinchi restoran Toshkentda ochilarkan. Har xil nashrlar, blogerlar yozdi, izohlarda EVOS-u, boshqa milliy brendlar bilan taqqoslay boshlashdi. Kim kim yutadi, kim yaxshi, kim yomon - deb.
Asosiy savol ochiq: rostdan ham McDonald’s kirib kelyaptimi?
Masalan, korporatsiyaning press-relizi yo‘q. Operatorning nomi yo‘q. Ish e’lonlari, qurilishlar, franshizachi... hech biri yo‘q. Faqat "mish-mish" postlar bor.
Brend haqida bunaqa xabar birinchi marta emas. To‘rtinchi marta tarqalyapti.
2017-yilda o‘sha vaqtdagi tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev: "Eshitishimcha, McDonald’s O‘zbekiston bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va franshiza orqali kirib kelish imkoniyatlarini o‘rganmoqda." - deb aytgandi.
Uch oydan McDonald’s bu xabarni qisman rad etgan - Markaziy Osiyoga kengayish rejasi yo‘q, franchayzing bo‘lsa bo‘lishi mumkin, lekin hali franshiza sotib olgan odam yo‘q - deb.
2018-yil. Vazirlar Mahkamasi qarori chiqadi: Chorvoqda 2019-yil yanvarigacha erkin turistik zona ochilib, undagi standartlar Starbucks, Burger King va McDonald’s kabi jahon brendlari standartlariga moslansin - deb. Bu xabarni ham OAV "McDonald’s va boshqa brendlar 2019-yilgacha ochilarkan" - degan ma’noda tarqatgan. Ochilmadi ;)
Oradan 6 yil o‘tadi. 2024-yil. Internetda McDonald’s savdo belgisi registratsiyaga topshirilgani, mana endi McDonald’s kirib kelayotgani haqida yana gap tarqaldi. O‘shanda "Reach Impex" degan kompaniya tovar belgisiga ariza bergandi. Ko‘pchilik buni "brend kelyapti" deb chiqaradi. Iyun oyida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi ularning da’vosini rad etadi. Chunki brendning haqiqiy egasi uni 90-yillarda allaqachon patentlab bo‘lgan.
2026-yil. Mana, yana "Mak" kirib kelyapti ekan. Kirmayapti, bu yolg‘on - demoqchimasman. Shunchaki, o‘zim bu xabarlarga ishonmayapman va asosimni ko‘rsatmoqchiman. Qarang, zanjirni o‘zim bilgancha yig‘ib chiqdim, chunki bu xabarni boshidan beri kuzatyapman.
Bir kontent-meyker marketolog qiz Instagramga reels joylagan. Unda aytyaptiki "McDonald’s O‘zbekistonga kiryapti, marketingni men olaman va mana bu ishlarni bajaraman". Lekin "kirib kelyapti" deb "tasavvur qiling" - demoqchi-da. Izohda o‘zi ham "o‘zim o‘ylab topgan voqealar asosida" - deb yozib qo‘ygan. Uning butun formati shunaqa: jahon brendlari bizga kirsa nima bo‘lardi, deb faraz qiladi. Uniqlo bilan ham shunday qilgan. Bu (McDonald’s haqidagi) rolik 4-sentyabr kuni chiqarilgan.
Oradan bir hafta o‘tiiib... Bir tadbirkor xuddi shu gapni aytadi, lekin "tasavvur qilaylik" degan qismisiz. "Tabriklayman, McDonald’s O‘zbekistonga kirib kelyapti, birinchi restorani Toshkentda ochilarkan" - deydi =)) Izohida esa McDonald’s haqida emas, boshqa intrigaliroq gaplar yozilgan: "EVOS va Oq Tepa endi sinadimi?", ha, "obuna bo‘b qo‘yin, yengiliylarni kuzatib borin" degan qo‘shimchasi ham bor.
Hali hech narsa yo‘q. Izohlarda janjal, to‘polon )
Shu videoning ertasi kuni boshlandi. Har xil OAV, ko‘k galochkali nashrlar yoza boshlaydi - "McDonald’s baribir kelmoqda, Toshkentda birinchi filiali ochiladi". Manba: allaqanday tadbirkor va distribyutor. Rasmiy manba qani? A bu tadbirkor kim ekan o‘zi, franshizasini olganmi? Filial remontini olganmi? Mahsulotlarini distributsiyasinimi? Faktcheking yo‘q.
Keyin na ismi, na manbalarsiz endi boshqa nashrlar ham tarqatib tashlagan. Xuddi ularga brend maxsus press-reliz yuborgandek.
Xulosa. Bu zanjirda materialning tabiatini faqat bitta odam to‘g‘ri belgilagan - 42 layk olgan qiz. Ya’ni u qiz "bu mening tasavvurim" deb aniq aytib ketgan. Qolganlarning gapi mavhum (yolg‘on demoqchi emasman, mavhum).
Muammo shundaki, odamlar har gapga ishonib ketaveradi. Menga ham shu xabarlarni yuborishdi. Men ham haqiqatni bilmayman. Lekin rasmiy kirish bunaqa ko‘rinmaydi. Ish beruvchi paydo bo‘ladi, ish haqida e’lonlar, ofis ochilishi mumkin, yoki ana bor - brend yoki franshizachi tomonidan rasmiy press-reliz bo‘ladi. Shunaqa gaplar.
Marketing o‘zbek tilida — @marketingbolimi