Shu poyezd haqida o'yladim. Bir reysda 415 nafar yo'lovchi tashir ekan. Agar Toshkent–Andijon oralig'ida kuniga 15–20 ming yo'lovchi qatnashi kerak bo'lsa, kuniga kamida 40 ta shunday reys yurishi talab etiladi. To'g'ri, Yaponiyaning Shinkanseni Tokio–Osaka yo'nalishida yiliga 170 million yo'lovchi tashiydi, ya'ni kuniga 450 ming. Biz shundan 30 barobar kam odamni bog'lasak ham yaxshi bo'lardi — demak, shu yo'nalishda kuniga 15–20 ming odam qatnashi kerak. Menimcha, bu erishsa bo'ladigan maqsad. Xuddi shunday, deyarli barcha viloyat markazlari bilan ham. Ya'ni har soatda har bir viloyatdan Toshkentga, Toshkentdan o'sha viloyat markaziga bittadan poyezd yursa, Yaponiyadan 30 barobar kam yo'lovchi tashigan bo'lamiz. Ular kuniga sal kam 400 ta reys qilsa, biz mayli 20 ta qilaylik. Menimcha, besh yilda buni eplash mumkin. "Hozir talab kam" deyishingiz mumkin, lekin Namanganga 2–2,5 soatda, Andijonga 3 soatda, Qo'qonga 1,5 soatda yetib boradigan poyezd bo'lsa va u har soatda qatnasa — talab paydo bo'ladi. Talab yaratiladi.
Samarqandga qatnaydigan poyezdlar sonini ham 20–30 barobarga oshirish vaqti keldi. Poyezd parkdagi attraksion emas, haqiqiy transport vositasiga aylanishi kerak.
Ko'pincha viloyat rahbarlari "viloyatni yoki tumanlarni qanday rivojlantirish kerak?" degan savolni qo'yishadi. Davlat qila oladigan va real daromad keltira oladigan narsa — viloyatni Toshkentga, shu orqali esa boshqa viloyatlar va mamlakatlarga bog'lashdir. Toshkent - mamlakatimizning asosiy iqtisodiy nuqtasi; Toshkentga bog'lanish qanchalik oson bo'lsa, tijorat ham, ish o'rinlari ham shunchalik ko'payaveradi. Xuddi shunday, qo'shni mamlakat hududlariga ham, masalan, Andijondan Qirg'izistonning O'sh shahriga 30 daqiqada yetib boradigan tezyurar poyezd yo'qligi, menimcha, muammo. Toshkentga esa kuniga kamida, eng kamida yuzlab avtobus qatnashi kerak.
Davlat iqtisodiy rivojlanish uchun hamma narsani qila olmasligi mumkin, lekin bog'lash: aniq qilsa bo'ladigan va zarar keltirmaydigan ishlardan. Bunday bog'lanish poyezd orqali ham, samolyot orqali ham, avtobus va, albatta, avtomobil orqali ham bo'lishi mumkin. Bizda esa deyarli barcha hududlarga avtomobildan boshqa yo'l bilan yetib borish qiyin. Hatto ish yuzasidan yuradigan davlat xizmatchilari ham, chipta olish muammosi ularda bo'lmasa ham - avtomobilda yurishga majburlar, chunki aksar hollarda alternativ yo'q. Serqatnovlik shunchalar yomonki, avtomobildan boshqa iloji yo'q. Hudud Toshkentga bog'lanmasa — rivojlanishi qiyin. Bog'lanish deganda, kuniga bitta 80 kishilik samolet emas, kuniga 20-30 ming odam, poyezda qatnashi. Bu albatta eng kamida.
Shuning uchun mahalliy hokimiyatlar, jumladan Toshkent hokimiyati ham, mahalliy iqtisodiy rivojlanish manfaatidan kelib chiqib, bog'lanish bilan ham, yo'lovchi bilan ham umuman qiziqmaydigan temir yo'l korxonasiga va yo'lovchi haqida qayg'urmaydigan yana bir milliy monopolistimiz — aviakompaniyaga iloji boricha ko'p bosim o'tkazishlari, reys va poyezdlar qo'shilishini, ularning sifati oshishini talab qilishlari kerak. Agar viloyatni rivojlantirmoqchi bo'lishsa — bog'lanishni kun tartibiga qo'yishlari lozim. "Aviakompaniya va temir yo'l qachondir o'zi qiladi" degan xomxayoldan voz kechish kerak.