3-QISM
KO‘K KO‘YLAK
Mavhumaxon suratdagi o‘ziga uzoq tikilib qoldi. Muzlatkichning bir maromdagi g‘uvillashi sekin uzoqlashdi. Surat ichidagi to‘yxona esa musiqa, kulgi va bir-biriga qo‘shilib ketgan atir hidlari bilan qayta jonlandi.
Zal odamga to‘la edi. Dasturxonga idishlar sig‘mas, rang-barang ichimliklar qadahlarda bijirlab turardi. Mavhumaxon ko‘k ko‘ylagining etagini kafti bilan tekislab, odamlar orasidan bemalol yurardi.
Fotograf qarindoshlarni suratga chaqirganida u odatdagidek chetroqqa o‘tib olmadi. Kimningdir ortiga yashirinish uchun joy qidirmadi. Sumkasi bilan qornini to‘smadi. Borib, qoq o‘rtaga turdi.
O‘sha kuni unga eng ko‘p huzur berayotgan narsa u hech kimdan bekinmayotgan edi.
Suratga tushib bo‘lishlari bilan ayollar uni o‘rab oldi.
— Voy, tanib bo‘lmay qolibsiz-ku!
— Juda ochilib ketibsiz!
— Qanday ozdingiz?
— Tinchlikmi, kasal bo‘lib qolmadingizmi?
Mavhumaxon kulib javob berardi. Nimalarni yemagani, necha mahal ovqatlangani, kechqurun og‘ziga hech narsa solmagani haqida birma-bir aytib berardi. Har bir maqtov oylar davomida chekkan mashaqqatining mukofotiga o‘xshardi.
U oylar davomida taomlarni mumkin va mumkin emasga ajratib yashagandi. Nonning hidini sezmaslikka, shirinlikka qaramaslikka, mehmondorchilikda boshqalarning qo‘liga emas, o‘z likopchasiga tikilib o‘tirishga majbur bo‘lgandi.
Bularning bariga bir kun maqsadiga yetish uchun rozi edi. Endi esa maqsadiga yetib turib, birinchi marta bunday hayotning oxiri yo‘qligini anglagandi. Demak, ko‘k ko‘ylakda qolish uchun umrining oxirigacha shu tarzda yashashi kerakmi?
Bu savol to‘yxonadagi shovqinda ham yo‘qolmadi. Oyoq kiyimga kirgan mayda toshdek, qadam tashlagan sari o‘zini eslatib turdi.
Eshikning ochilgan ovozi Mavhumaxonning to‘yxonadagi xotiralarini buzib yubordi.
Mavhumbek kirib keldi. Ust kiyimini yechib, qo‘lidagi qog‘oz o‘ramni stolga qo‘ydi.
— Issiqligida olay dedim, — dedi u.
Qog‘oz ochilishi bilan tandir nonning hidi oshxonaga yoyildi. Mavhumbek nonni sindirdi. Yumshoq joyidan bir parcha uzib, xotiniga tutdi.
Mavhumaxonning qo‘li beixtiyor oldinga yurdi-yu, yarim yo‘lda to‘xtadi. Daftardagi rejasida non yo‘q edi.
Lekin Mavhumbek uzatib turgan narsa faqat non emasdi. Bu ularning yillar davomida birga ichgan kechki choyi, kun oxirida bir dasturxon atrofida tin oladigan odati edi.
Nonni olsa, yana o‘ziga bergan va’dasini buzadigandek tuyuldi. Olmasa, oddiygina bir oqshomdan o‘zini chiqarib tashlayotgandek.
— Olmaysanmi? — dedi Mavhumbek.
— Yo‘q, — dedi Mavhumaxon qo‘lini tortib. — Diyeta boshladim.
Mavhumbek boshqa hech narsa demadi. Nonni o‘z oldiga qo‘yib, choyini ichishda davom etdi.
Uxlash uchun yotganida Mavhumaxonning ko‘nglida o‘zini nondan tiyib qolgani uchun kuchli ekanidan g‘ururlandi.
Lekin uyqusi ham kelmasdi. Ko‘zini yumdi deguncha, unga haligi tandir non ko‘rinardi. Bir yoniga ag‘darildi, keyin ikkinchi yoniga. Oshqozonidagi bo‘shliq sekin-asta kattalashib, kun davomida o‘ylagan barcha gaplarining ovozini bosib ketdi.
Mavhumbek xurrak otishni boshlagach, Mavhumaxon ko‘rpani sekin surdi. Oshxonaga chiqdi. Chiroqni yoqmadi. Stol yoniga bordi. Sochiqqa o‘ralgan nonni ochib, chetidan bir burda uzib yedi.
Keyin nonning yana bir bo‘lagini sindirdi.
3-qism tugadi.
@doctorferuz