🚨 Nagoyada rekord darajadagi yomg‘ir: ko‘chalar suv ostida qoldi, transport harakati izdan chiqdi
Kecha, 8-sentabr kuni Nagoyada tarixiy darajadagi kuchli yomg‘ir kuzatildi. Soat 16:53 gacha bo‘lgan bir soat ichida 104,5 mm yog‘ingarchilik qayd etildi. Bu 1890-yilda kuzatuvlar boshlanganidan buyon Nagoyadagi eng yuqori bir soatlik ko‘rsatkich bo‘lib, 2000-yildagi mashhur Tokai suv toshqini paytidagi 97 mm rekorddan ham oshdi.
Kuchli yomg‘ir natijasida shaharning ko‘plab ko‘chalari va pastqam hududlari suv ostida qoldi. JR Chuo liniyasining ayrim qismlarida relslar suv bilan qoplanib, Nagoya metrosining barcha yo‘nalishlari, shahar avtobuslari, JR va Meitetsu poyezdlarining ayrim qatnovlari vaqtincha to‘xtatildi. Minglab odamlar uyiga qayta olmay, vokzallar va shahar markazida qolib ketdi. Nagoya, Kanayama, Fushimi va Sakae atrofida ular uchun vaqtinchalik boshpana joylari ham ochildi.
Vaziyat bir payt shu darajaga yetdiki, Shonai daryosi bo‘yicha 5-darajali — eng yuqori “toshqin bo‘yicha favqulodda ogohlantirish” e’lon qilindi. Nagoyaning ayrim hududlarida aholiga hayotini saqlab qolish uchun zudlik bilan xavfsiz joyga o‘tishni anglatuvchi 「緊急安全確保」 ko‘rsatmasi berildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Aichi prefekturasida 7 ta bino pol sathidan yuqorigacha, 21 ta bino esa pol ostigacha suv bosgan. Nagoya shahrida 1 kishi, Kita-Nagoyada 2 kishi va Kanie shahrida 1 kishi yengil jarohat olgan.
⚠️ Xavf hali to‘liq o‘tib ketgani yo‘q. Bugun, 9-sentabr kuni ham Tokai hududida yana kuchli yomg‘ir va chiziqli yomg‘ir bulutlari — 線状降水帯 (senjo kosuitai) yuzaga kelishi mumkin. Ayniqsa daryolar, suv bosgan hududlar va ko‘chki xavfi mavjud joylarda ehtiyotkorlik talab etiladi.
Nagoyadagi yurtdoshlarimizdan mahalliy hokimiyat va meteorologiya xizmatining ogohlantirishlarini kuzatib borishni so‘raymiz.
Yaponiyaga oid so’nggi yangiliklar faqat bizda! 👇 https://t.me/+UBghPNiV-lnLqDF9y